
Abdurauf Fitrat 1886-yilda Buxoroda tugʻilgan. Mahalliy madrasalarda tahsil olgach, 1909–1913-yillarni Istanbulda oʻtkazdi va aynan shu yerda islohotchi qarashlari yetuk shaklga keldi. Qaytib, harakatning eng keskin munozaralarini yozdi: Buxoro tanazzuli begonalarning emas, Buxoroning oʻz aybi, degan daʼvo unga har tarafdan dushman orttirdi. U yetakchi yosh buxorolik boʻldi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasida vazirliklarni boshqardi, keyin adabiyot, tilshunoslik va musiqa ilmiga burildi. 1938-yilgi qatagʻonda qatl etildi.
Bolaligi
Abdurauf Fitrat 1886-yilda Buxoroda, savdo ishlari bilan Turkiya, Eron va Qashqarga qatnab turgan savdogar Abdurahimboy oilasida tugʻildi. Onasi Bibijon (Nastarin Bibi) 1866-yillar atrofida tugʻilgan. Uning 1910-yillarda Kogon bosmaxonasida harf teruvchi boʻlib ishlagan ukasi Abdurahmon va sheʼr yozgan singlisi Mahbuba bor edi.
Taʼlimi
U avval eski maktabda, soʻng Mir Arab madrasasida oʻqidi. “Tarbiyai atfol” jamiyati koʻmagida 1909–1913-yillarda Istanbulda tahsil oldi. U yerda safdoshlari bilan birga Buxoro va Turkistondan kelgan talabalarga yordam berish va ularni Turkiyaga koʻproq olib kelish uchun jamiyat tuzib, uning nizomini 1909-yilda nashr ettirdi. “Hikmat”, “Taʼrufi muslimin” va Mehmet Akifning “Sirot ul-mustaqim” kabi turk jurnallarini muntazam ravishda Buxoroga yuborib turdi.
Buxorodan Toshkentga
Buxoroga qaytgach, 1912–1916-yillarda Buxoro va Qarshida jadid maktablari ochib, muallimlik qildi. 1917-yildan Yosh buxoroliklarning gʻoyaviy rahbarlaridan biri boʻldi. 1917-yil aprelida amir Olimxon tazyiqi bilan jadidlar Buxorodan chiqib ketishga majbur boʻlgach, u Samarqandga koʻchib, “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qildi (1917–1918).
1918-yil martida Kolesov boshchiligidagi qizil qoʻshinlar amirlikka bostirib kirganda, Fitrat va Fayzulla Xoʻjayev boshchiligidagi jadidlar ular tomonini oldi; gʻazablangan amir ularni jismonan yoʻq qilishga kirishdi va jadidlar Toshkentga qochdi. U yerda Fitrat Xadradagi maktabda dars berdi (1918–1919) va Afgʻoniston elchixonasida tarjimon boʻlib ishladi (1919–1920).
“Chigʻatoy gurungi”
Uning Toshkentdagi eng muhim xizmati 1919–1921-yillarda faoliyat koʻrsatgan “Chigʻatoy gurungi” edi — turkiy xalqlarning madaniyati, adabiyoti, tarixi, tili va imlosini jiddiy oʻrganishni boshlagan madaniy-adabiy uyushma. Unda til va imlo (avval Choʻlpon, keyin Elbek rahbarligida), adabiyot, sanʼat va teatr shoʻbalari bor edi; Qayum Ramazon, Elbek, Ashurali Zohiriy, Shorasul Zunnun, Akmal Ikromov uning aʼzolari edi.
1919-yilda gurung arab yozuvini isloh qilib, yangi alifbo yaratdi, 1921-yil yanvarida esa Toshkentda Til va imlo qurultoyini tashkil etdi. U Fargʻona vodiysi, Buxoro va Samarqandda nodir qoʻlyozmalarni toʻpladi, Toshkentga Navoiyning “Tarixi muluki ajam” qoʻlyozmasi va Amir Temurdan Akbarshohgacha boʻlgan temuriylar suratlarini olib keldi. Hukumat 1921-yil 10-yanvarda gurung faoliyatini toʻxtatdi — yillar oʻtib Fitrat va shogirdlari hibsga olinganda, unda qatnashish eng ogʻir ayblovlardan biri boʻldi.
Buxoro respublikasi noziri
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgach, Fitrat Buxoroga qaytib, maorif noziri (1921), 1922-yilda tashqi ishlar noziri, Xalq xoʻjaligi kengashi raisi va respublika hukumati rais oʻrinbosari boʻlib ishladi. Maorif noziri sifatida Buxoroda Sharq musiqa maktabini ochdi, Ark, Buxoro inqilobi va Oʻrta Osiyo tarixiga oid asarlar yozilishiga bosh-qosh boʻldi.
1923-yil iyunida Moskva vakili Rudzutak talabi bilan u millatchilikda, “maorif ishi oʻrniga yoʻl qurilishi bilan shugʻullangan”likda va poraxoʻrlikda ayblanib, lavozimidan olindi va Buxorodan chiqarib yuborildi; u bilan birga oʻnlab hamkasblari ham ishdan boʻshatildi. 1923–1926-yillarda Moskvada yashab, Sharqshunoslik institutida ishladi va 1926-yilda professor unvonini oldi. 1927-yildan Samarqand va Toshkentda yashadi, 1931-yildan hibsga olingunga qadar Oʻzbekiston Til va adabiyot institutida boʻlim mudiri boʻlib ishladi.
Sheʼriyat va dramaturgiya
“Yurt qaygʻusi” sheʼrida va sochmalarida u ozodlik kurashini ochiq kuyladi: Turkistonni xoʻrlangan ona qiyofasida tasvirlab, xalqni uygʻotish uchun Amir Temur ruhiga murojaat qildi. “Mirrix yulduziga”, “Sharq”, “Shoir” sheʼrlarida Turkistonni mustamlakaga aylantirayotgan bolsheviklarga nafratini izhor etdi.
“Munozara” va “Hind sayyohi qissasi” asarlarida Turkiston jamiyatining qoloqligini, ilmga eʼtiborning susayishini va islomga kirib qolgan xurofotlarni keskin tanqid qildi. 1916-yildan tarixiy dramalar — “Begijon”, “Qon”, “Abu Muslim”, “Temur sagʻanasi”, “Oʻgʻuzxon”ni yozdi, “Chin sevish” (1920) va “Hind ixtilolchilari” (1923) asarlarida esa Turkiston fojiasini Angliya mustamlakasi boʻlgan Hindistonga koʻchirib, hind ozodlik kurashchilari timsolida oʻz vatandoshlarining siymosini yaratdi.
Din va jamiyat
Uning risolalari orasida tafsir, hadis, fiqh, kalom va dunyoviy ilmlar haqida tushuncha beruvchi forscha “Rahbari najot”, oilaning muqaddasligi haqidagi “Oila”, “Mavludi sharif”, “Oʻquv”, “Sharq siyosati”, “Yigʻla, Islom” va “Muxtasar islom tarixi” (1925) bor.
Til va adabiyotshunoslik
Fitrat oʻzbek tili grammatikasini ilmiy oʻrganishga asos soldi. Qayum Ramazon va Shokirjon Rahimiy bilan birga “Ona tili” darsligini (1918), soʻng “Sarf” (1925) va “Nahv” (1926) qoʻllanmalarini yaratdi; ular 1930-yilgacha bir necha bor qayta nashr etildi. 1920-yillarda qadimgi turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayanib, oʻzbek tiliga koʻplab yangi soʻz va atamalar olib kirdi.
U “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927) va “Oʻzbek adabiyoti namunalari” (1928) majmualarini tuzdi, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”ining uchala nusxasini oʻrgandi, Bedil, Navoiyning forsiy sheʼriyati, Ahmad Yassaviy, Turdi, Muhammad Solih, Umar Xayyom, Mashrab va “Farhod va Shirin” dostoni haqida ilk ilmiy tadqiqotlarni yozdi. “Sheʼr va shoirlik” (1919), “Adabiyot qoidalari” (1926) va “Aruz haqida” (1936) asarlari bilan oʻzbek adabiyot nazariyasiga asos soldi. Sharqshunos sifatida amirning qoʻlyozmalari va vaqf hujjatlarini tavsiflashda qatnashdi, B. Sergeyev bilan XVI asr qozilik hujjatlarini nashr ettirdi (1937) va “Amir Olimxonning hukmronlik davri” (1930) asarini yozdi.
Musiqa
Musiqa bilimdoni boʻlgan Fitrat 1921-yilda Buxoroda Sharq musiqa maktabini ochib, unga mumtoz musiqa ustalari va musiqashunos Viktor Uspenskiyni taklif qildi. Uning tashabbusi bilan Ota Jalol va Ota Gʻiyosiddin ijrosidagi Buxoro Shashmaqomi ilk bor Uspenskiy tomonidan notaga olindi. Maqolalari va “Oʻzbek klassik musiqasi ham uning tarixi” (1927) risolasi bilan Fitrat XX asr oʻzbek musiqashunosligini boshlab berdi.
Oilasi
Uning birinchi rafiqasi Fotimaxon Burxonova edi. Ajrashgach, Hikmatoy Fitratovaga uylanib, oʻgay qizi Sevaraxon Fitratova bilan birga yashadi.
Hibsga olinishi va vafoti
Fitrat 1937-yil 24-aprelda hibsga olindi. Bir yarim yillik tergov va qiynoqlardan soʻng u “aksilinqilobiy millatchi jadidchilikning asoschilari va rahbarlaridan biri” boʻlganlikda, sovet hokimiyatiga qarshi panturkistik harakat uyushtirishda, Afgʻoniston va Erondagi ingliz vakillari bilan yashirin aloqada, bosmachilik harakatini tashkil etishda, Anvar poshoni Turkiyadan olib kelishda va fashistik Germaniya razvedkasi bilan aloqada ayblandi. SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi 1938-yil 4-oktyabrda uning ishini koʻrib chiqdi va oʻsha kuni u Toshkent yaqinida otib tashlandi.
Asosiy yutuqlar
- «Munozara» (1911) asarini yozgan — islohot va taʼlim haqidagi matbuot bahsi
- Yozma oʻzbek tilini zamonaviylashtirish va meʼyorlashtirish ishlariga rahbarlik qilgan
- Professor va dramaturg; 1938-yilda qatl etilgan